Toshkentda davom etayotgan “Prezident kubogi-2024” xalqaro musobaqasining yakunlanishiga 2 ta tur qolganida “A” guruhidagi yetakchilar qatorida o‘zgarish yuz berdi.

Mahoratli shaxmatchimiz Javohir Sindorovning oq donalarda hindistonlik Sankalp Guptani dog‘da qoldirishi, Ortiq Nigmatovning qora donalarda Nihal Saringa imkoniyatni boy berishi natijasida ular 6 ochko bilan 7-turni qarshilashga muvaffaq bo‘ldi.

Ushbu turda Nodirbek Abdusattorovning qora donalarda Abximanyu Puranik bilan durangga erishishi, Shamsiddin Vohidovning oq donalarda Nodirbek Yoqubboyevdan ustun kelishi, eronlik Parham Magsudluning hindistonlik Saxa Nilash bilan murosaga kelishi turnir jadvalida shaxmatchilarning joylashuvini o‘zgartirib yubordi.

Shu tarzda Javohir Sindorov va Nihal Sarin 6 ochko bilan yetakchilik qilmoqda. Shamsiddin Vohidov va Saxa Nilash 5,5 ochko bilan keyingi pog‘onalarda qolmoqda. Hamyurtlarimiz Ortiq Nigmatov, Nodirbek Abdusattorov, hindistonlik Abximanyu Puranik, Gupta Sankalp, eronlik Parham Magsudlu, xitoylik Minxuey Soy, turkmanistonlik Saparmurat Atabayev, o‘zbekistonlik Saidakbar Saidaliyev 5 ochko bilan g‘oliblikka da’vogarlik qilmoqda.

Bugun, 28 noyabr kuni “Prezident kubogi-2024” turnirining 8-tur musobaqalarida Nodirbek Abdusattorov – Minxuey Syuy, Nihal Sarin –Javohir Sindorov, Saxa Nilash – Shamsiddin Vohidov, Saparmurat Atabayev – Parham Magsudlu, Saidakbar Saidaliyev – Abximanyu Puranik, Ortiq Nigmatov – Gupta Sankalp ro‘baro‘ keladi.

Aynan ushbu kurashlar ochiqroq aytganda, bugungi 8-tur o‘yinlari Toshkent musobaqalarida g‘oliblikka kimlar asosiy da’vogar ekanligiga oydinlik kiritishi bilan ahamiyatli hisoblanadi.

Mukofot jamg‘armasi 75 ming AQSH dollaridan iborat xalqaro turnirning so‘nggi tur o‘yinlari 29 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.