Shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov ishtirokida uchrashuv.
Yuksak ma’naviyatli, g‘ayrat va shijoatga to‘la, o‘ziga ishongan, teran fikrli, hayotga yorqin ko‘z bilan qarovchi yoshlar ertangi kunning egasidir. Bir so‘z bilan aytganda, “Yoshlar - bu mamlakat kelajagi!”.
Shu munosabat bilan 2022-yilning 14-aprel kuni Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida shaxmatning rapid yo‘nalishi bo‘yicha eng yosh jahon chempioniga aylangan, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sovrindori Nodirbek Abdusattorov ishtirokida talaba-yoshlar uchun ijodiy uchrashuv tashkil etildi.
Mazkur uchrashuv avvalida mehmonimiz o‘quv yurti rahbariyati va barcha talabalarga o‘zi haqida hamda bugungi kungacha qanday qilib yuqori natijalarga erishib kelayotganligi xususida so‘zlab berdi.
Tadbir davomida institutning shaxmat bo‘yicha g‘olibi bo‘lgan professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda yosh chempion o‘rtasida o‘zaro o‘rtoqlik bellashuvi o‘tkazildi. Qiziqarli jarayonlarga boy bo‘lgan musobaqa barchada katta tassurot qoldirdi.
Nodirbekning ta’kidlashicha, “Yuqori natijani qo‘lga kiritib chempion bo‘lganimdan beri hech qaysi oliy ta’lim muassasasiga borib, hozirgidek ijodiy uchrashuvlarda qatnashmagan edim. Lekin Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti birinchilardan bo‘ldi. O‘z o‘rnida institut rektori Ilxom Sabirov va tashkilotchilarga minnatdorlik izhor etaman. Talabalarga omad, zafarlar yor bo‘lsin!”.
Xulosa sifatida aytish kerakki, mana shunday ma’naviy uchrashuvlar yoshlar uchun katta motivatsiya bo‘lib, ularni ruhlatiradi. O‘ziga ishonchini orttirib, yuqori marralar sari intilishida foydadan holi bo‘lmaydi. Zero, kelajak bilimli yoshlar qo‘lida!
TTYESI Matbuot xizmati