Chexiya poytaxti Praga shahrida shaxmat bo‘yicha o‘tkazilgan “Prague International Chess Festival 2026” turnirining "Masters" guruhida ishtirok etgan hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.

Nufuzli turnirning so‘nggi 9-tur bahsida Abdusattorov oq donalarda amerikalik Xans Nimannga, Yoqubboyev qora donalarda germaniyalik Vinsent Keymerga qarshi dona surdi.

Qiziqarli kechgan o‘yinning 34-yurish holatida Abdusattorov-Xans Nimann qarama-qarshiligidagi bahsda murosa yo‘li tanlandi. Yoqubboyev esa qora donalarda harakatlanishiga qaramasdan germaniyalik raqibini mag‘lub etdi.

G‘oliblikka da’vogar Jorden van Forest qora donalarda eronlik Parham Magsudluga imkoniyatni boy berdi.

Musobaqaning oxirgi turida ushbu natijalarning qayd etilishi natijasida Abdusattorov 5,5 ochko bilan turnirni 1-o‘rinda yakunladi. Yoqubboyev ham muvaffaqiyatga erishib, ochkolari sonini 4,5 taga yetkazdi.

Aytish lozim, 2026-yilni muvaffaqiyatli boshlagan Nodirbek Abdusattorov yanvar oyida “Tata Steel Chess-2026”da g‘olib chiqishi ortidan Praga turnirida ham zafar quchdi va FIDE reytingidagi ballarini 2780 ga yetkazib, TOP-4 talik qatorga qo‘shildi.