Buyuk Britaniyaning London shahrida shaxmat bo‘yicha boshlangan “WR Chess Masters-2024” turnirining bu yilgi musobaqalarida dunyoning 16 nafar mahoratli grossmeysteri qatorida hamyurtlarimiz Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov ham g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda.

Kecha musobaqaning 1/16 final bahslari bo‘lib o‘tdi. Ilk bosqichda Nodirbek Abdusattorov ayollar o‘rtasida 12-jahon chempioni, hozirda Shveysariya sharafini himoya qilayotgan Aleksandra Kostenyuk bilan ro‘baro‘ keldi. Teng kurashlar ostida o‘tgan o‘yinda Abdusattorov kichik ustunlik evaziga turnirning 1/8 bosqichiga yo‘l oldi.

Ushbu bosqichda Javohir Sindorov fransiyalik Maksim Vashe-Lagrav bilan kuch sinashdi. O‘tkazilgan ikkita partiyada durang natija qayd etilgan bo‘lsa, bir partiyada Sindorov imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Bu esa fransiyalik Vashe-Lagravni keyingi bosqichga olib chiqdi.

Bugun, 15 oktyabr kuni “WR Chess Masters-2024” turnirining 1/8 bosqichidagi bahsda Nodirbek Abdusattorov fransiyalik Maksim Vashe-Lagrav bilan bahs olib boradi.

Mukofot jamg‘armasi 58 ming yevrodan iborat “WR Chess Masters-2024” turniri 18 oktyabrga qadar davom etadi.