
Toshkentdagi Xalqaro shaxmat akademiyasi majmuasida o‘tayotgan “Prezident kubogi-2024” xalqaro turnirining so‘nggi tur o‘yinlari ostonasida hindistonlik Nihal Sarin 7 ochko bilan “A” guruhida yetakchiga aylanib oldi.
Kecha o‘tkazilgan 8-tur o‘yinida Nihal Sarin oq donalarda kutilmaganda Javohir Sindorovdan ustun kelishi hind shaxmatchisini g‘oliblik ostonasiga juda yaqinlashtirdi.
Mazkur turda musobaqada birinchi raqam ostida tasniflangan Abdusattorov xitoylik Xu Minguidan ustun keldi va ochkolar sonini 6 taga yetkazib oldi.
Bugun, 29 noyabr kuni xalqaro turnirning so‘nggi 9-turida “A” guruhida 7 ochko bilan yetakchilik qilayotgan Nihal Sarin Nodirbek Abdusattorov bilan kuch sinashadi.
Voqealar rivojidan oldinga o‘tib aytish lozimki, bugun Nodirbek Nihalni mag‘lubiyatga uchrata olsa, qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra chempionlikka erishishi mumkin. Bunda Ortiq Nigmatov, Nilash Saha, Javohir Sindorov ishtirokidagi o‘yinlar Abdusattorovning g‘alabasiga xizmat qilishi lozim bo‘ladi.
To‘qqizinchi tur oldidan Ortiq Nigmatov, Nilash Saha, Javohir Sindorov, Nodirbek Abdusattorov, Parham Magsudlu, Shamsiddin Vohidov va Saidakbar Saidaliyev 6 ochkodan jamg‘argan. Nodirbek Yoqubboyev 5,5 ochko bilan 9-pog‘onada bormoqda.
Shamsiddin Vohidov kecha 8-turda hind shaxmatchisi Nilash Saha bilan durang o‘ynadi. Saidaliyev hindistonlik grossmeyster Puranik Abhimanyuni, Ortiq Nigmatov Sankalp Guptani mag‘lub etdi. Nodirbek Yoqubboyev ham hindistonlik grossmeyster Pranit Vuppaladan ustun keldi.
Bugun 9-tur doirasida markaziy o‘yinlar Javohir Sindorov – Nilash Saha, Shamsiddin Vohidov – Ortiq Nigmatov, Ayush Sharma – Nodirbek Yoqubboyev, Parham Magsudlu – Saidakbar Saidaliyev o‘rtasida kechadi.
Eslatib o‘tamiz, mukofot jamg‘armasi 75 ming AQSH dollaridan iborat “Prezident kubogi-2024” turnirining g‘olibi 25 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.