Qatar poytaxti Doha shahrida shaxmat bo‘yicha davom etayotgan “Qatar Masters-2024” xalqaro turnirining 2-tur o‘yinlari ortda qoldi. O‘ziga xos tarzda kechgan 2-turda mamlakatimizning birinchi raqamli shaxmatchisi Nodirbek Abdusattorov qora donalarda BAA vakili Omran al Xasani bilan kuch sinashdi. Og‘ir va o‘ta murakkab kechgan bahsning 38-yurish holatida tomonlar murosa yo‘lini tanladi.

05-12-2024

Mukofot jamg‘armasi 94 250 AQSH dollardan iborat turnirning 1-turida mag‘lubiyatga uchragan Nodirbek Yoqubboyev 2-turda oq donalarda shotlandiyalik Abdulla Murodni 43-yurish vaziyatida mag‘lubiyatga uchratdi. Yoshlar o‘rtasida jahon chempioni Afruza Hamdamova 2-turda rossiyalik taniqli grossmeyster Vladislav Artemev bilan, Shamsiddin Vohidov hindistonlik Krishna Gutam bilan durang o‘ynadi

Mazkur turda mahoratli shaxmatchilarimiz Muhiddin Madaminov, Abdumalik Abdusalimov, Ortiq Nigmatov va Saidakbar Saydaliyev g‘alabaga erishib, ochkolari sonini 1,5 taga yetkazib oldi. Turnirning “A” guruhida dona surayotgan Muhammadzohid Suyarov, Humoyun Bekmurodov, Olmos Rahmatullayev, Muhammadali Abdurahmonov 2-turda Yoqubboyev qayd etgan natijaga erishib, 0,5 ochkoli bo‘ldi.

05-12-2024

Shaxmatchilarimizdan Bahrom Baxrillayev, Nilufar Yoqubboyeva va Asrorjon Omonovning mazkur turda omadi chopmadi. Ortda qolgan 2-tur o‘yinlaridan so‘ng 16 nafar shaxmatchi 2 ochko bilan yetakchilikka da’vogarlik qilayotgan bo‘lsa, 22 nafar shaxmatchi 1,5 ochko bilan da’vogarlarni ta’qib etmoqda. Ta’qibchilar orasida 1,5 ochkoli hamyurtlarimiz Ortiq Nigmatov, Shamsiddin Vohidov, Muhiddin Madaminov, Abdumalik Abdusalimov, Afruza Hamdamova va Saidakbar Saidaliyevning borligi e’tiborlidir.

05-12-24

Bugun, 5 dekabr kuni o‘tkaziladigan 3-tur o‘yinlarida Nodirbek Abdusattorov polshalik Alitsiya Slivitskiy bilan oq donalarda kurash olib boradi. Nodirbek Yoqubboyev esa qora donalarda eronlik Atin Ashraf qarshiligini yengishga harakat qiladi. Aytish lozim, eronlik ushbu shaxmatchi kecha o‘tkazilgan 2-turda FIDE reytingida 29-o‘rinni egallab turgan Parham Magsudluni dog‘da qoldirgandi.

Mazkur turning eng qiziqarli va markaziy o‘yinlaridan biri hamyurtimiz Saidakbar Saidaliyev va FIDE reytingida 4-o‘rinda borayotgan dunyoning eng kuchli shaxmatchilaridan biri sifatida e’tirof etiladigan hindistonlik Arjun Erigaisi o‘rtasida kechadi. Ushbu turda o‘zbekistonlik shaxmat ishqibozlari uchun yana bir o‘ziga xos bahs Muhiddin Madaminov – Ortiq Nigmatov o‘rtasida kechadi.

Shuningdek, 3-turda Aditya Dxingra(Hindiston) – Shamsiddin Vohidov, Murtas Kojgaliyev (Qozog‘iston) – Afruza Hamdamova, Xing Chju(Xitoy) –Abdumalik Abdusalimov uchrashuvlari ham biz uchun diqqatimizni tortadigan janglar sirasiga kirishi bilan ahamiyatli. Zero, 1,5 ochkoga ega bo‘lgan shaxmatchilarimizning qaysidir birlari g‘oliblikka nomzodlar safiga qo‘shilishi aynan bugun o‘tadigan 3-tur o‘yinlaridagi yakuniy hisobga bog‘liq ekanligi kundek ravshan.

Eslatib o‘tamiz, 9 turdan iborat “Qatar Masters-2024” xalqaro turnirida 278 nafar shaxmatchi “A” va “V” guruhlarida ishtirok etmoqda. “A” guruhida mamlakatimizning 15 nafar yetakchi shaxmatchisi qatnashayotgan bo‘lsa, “V” guruhida 22 nafar yosh shaxmatchimiz dona surmoqda.

Nufuzli turnirning g‘olib va sovrindorlari 12 dekabrda aniqlanadi.