Bugun, 17-fevral erta tongda Germaniyada “Freestyle Chess” bo‘yicha jahon chempionatida muvaffaqiyatga erishgan hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi.

Mukofot jamg‘armasi 300 ming AQSH dollaridan iborat musobaqada dunyoning 8 nafar eng mahoratli shaxmatchilari bahs olib bordi.

Shiddatli kechgan bahslar yakunida grossmeysterimiz Nodirbek Abdusattorov germaniyalik Vinsent Keymerni 2.5:1.5 hisobida mag‘lub etdi va jahon chempionatining bronza medali va 40 ming AQSH dollariga ega chiqdi.

Kutib olish marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari va ko‘plab muxlislar jahon chempionatida Abdusattorovning bronza medali bilan birga 2027-yilda o‘tkaziladigan navbatdagi jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritganini o‘zbek shaxmatining katta muvaffaqiyati sifatida e’tirof etdi.