Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida o‘tkazilgan “Tata Steel Chess-2026” turnirida g‘oliblikka erishgan hamyurtimmiz Nodirbek Abdusattorov taqdirlash marosimidan keyin jurnalistlarga bergan intervyusida so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan darajada xursandligini bildirdi.
– Bu juda uzoq yo‘l bo‘ldi. Yillar davomida g‘alabaga juda yaqin kelib, har safar biroz imkoniyatim yetmay qolardi. Nihoyat, bu turnirda juda chiroyli uslubda g‘alaba qozondim. Bu faoliyatimdagi eng muhim lahzalardan biri bo‘ldi, – deya ta’kidladi u. – Bolaligimda aynan shu turnirda chempion bo‘lishni orzu qilardim. Endi esa bu orzu amalga oshdi. O‘zimga bu yil o‘tkazib yuborish mumkin emas, dedim, bor kuchimni, quvvatimni berdim.
So‘nggi partiya og‘ir kechishini oldindan bilgan Nodirbek raqibidan keskin va tavakkalga asoslangan o‘yin kutgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, debyutdagi tanlov ham mantiqiy, ham xavfli edi.
– Raqibimning yo‘qotadigan narsasi yo‘q edi, shuning uchun oxirigacha kurashishini bilardim. Partiya oldidan oxirgi ko‘rgan variantlarimni qo‘lladim. Bu harakatim yutuqli bo‘lishi kerakligini bilardim. Eng sodda va amaliy yo‘lni tanladim. Bu g‘alaba keltirdi.
Shuningdek, intervyu davomida birinchi raqamli shaxmatchimiz so‘nggi 13-turdagi raqibi Arjun Erigaysi haqida fikr bildirib, hindistonlik shaxmatchi ikkinchi yildirki, ushbu turnirda omadsiz ishtirok etayotgani, lekin Arjunning yaqin kelajakda yanada kuchli bo‘lib qaytishiga, zo‘r natijalar ko‘rsatishiga ishonch bildirdi.





