Boshlanish sanasi: 02.12.2024 y.
Tugash sanasi: 13.12.2024 y.

Qatar poytaxti Doha shahrida shaxmat bo‘yicha o‘tkazilgan “Qatar Masters-2024” xalqaro turniri yakuniga yetdi.

O‘n olti kun mobaynidagi shiddatli kurashlarga boy bo‘lgan turnirda mamlakatimizning 37 nafar shaxmatchisi “A” va “V” guruhlarida o‘z omadlarini sinovdan o‘tkazdi.

Kuchlilardan tashkil topgan “A” guruhida dunyoning eng mahoratli sanalgan 138 nafar shaxmatchisi qatorida yurtimizning 15 nafar “aql gimnastikasi” ustalari dona surgan bo‘lsa, “V” guruhida qatnashgan turli davlatlardan Dohaga kelgan 140 nafar shaxmatchi orasida yurtimizning 22 nafar yosh iste’dodi g‘oliblik uchun kurash olib bordi.

Kecha nufuzli turnirning so‘nggi 9-tur o‘yinlari sarhisobiga ko‘ra, g‘olib va sovrindorlar nomlari ma’lum bo‘ldi.

“A” guruhidagi bahslarda FIDE bayrog‘i ostida turnirda ishtirok etgan Andrey Yesipenko g‘oliblikka erishdi. U bahslar davomidagi 6 ta turda g‘alabaga erishdi, 3 ta turda durang qayd etib, 7,5 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. Kecha o‘tgan so‘nggi 9-turda musobaqada birinchi raqamda tasniflangan hindistonlik Arjun Erigaisi bilan murosa yo‘lini tanladi.

Yana bir o‘ziga xos holat. Yesipenko turnir davomidagi 9 ta turning hech birida mamlakatimiz shaxmatchilari bilan ro‘baro‘ kelmadi.

qatar-masters

Turnirning so‘nggi 3 ta turida ketma-ket g‘alabaga erishgan mahoratli shaxmatchimiz Nodirbek Abdusattorov 9 ta turning 6 tasida g‘alaba, 2 tasida durang, 1 tasida mag‘lubiyat bilan 7 ochkoga ega bo‘lgan tarzda qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 9-turda Nodirbek Abdusattorov qora donalarda hindistonlik Leon Lyuk Mendonkani dog‘da qoldirdi.

Turnir nizomiga muvofiq, “A” guruhida 1-o‘rinni egallagan Andrey Yesipenko 25 ming AQSH dollariga ega chiqdi. 2-o‘rin sohibi 15 ming, 3-o‘rinni band etgan shaxmatchi 10 ming AQSH dollari bilan taqdirlandi.

Musobaqada 10-o‘ringacha joy olgan ishtirokchilar belgilangan pul mukofotlari sohiblari bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil dekabr oyining so‘nggi kunlarida Polsha poytaxti Varshava shahrida o‘tgan jahon chempionatida Nodirbek Abdusattorov 17 yoshida dunyoning eng kuchli shaxmatchilarini mag‘lub etib, rapid yo‘nalishida jahon chempionligiga erishgandi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA