Nodirbek Abdusattorov Germaniyada mukofot jamg‘armasi 200 ming AQSH dollaridan iborat bo‘lgan nufuzli turnirda qatnashmoqda.

Germaniyaning Gamburg shahrida shaxmat bo‘yicha o‘tkazilayotgan “Freestyle Chess G.O.A.T Challenge” turnirida dunyoning eng kuchli 8 nafar shaxmatchisi qatorida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov ham g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda.

Sobiq jahon chempioni Magnus Karlsen, shaxmat tojining amaldagi sohibi Den Lijen, mahoratli grossmeysterlar Alireza Firuzja, Fabiana Karuana, Levon Aronyan, Dommaradju Gukesh, Vinsent Kaymar va Nodirbek Abdusattorov qatnashayotgan turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi 200 ming AQSH dollaridan iborat bo‘lib, 1-o‘rin sohibi 60 ming, 2-o‘rinni egallagan 40 ming, 3-o‘rindan joy olgan shaxmatchi 30 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.

Shuningdek, 4-o‘rin 20 ming, 5-o‘rin 15 ming, 6-o‘rin 12 ming, 7-o‘rin 10 ming hamda 8-o‘rinda qolgan shaxmatchi 8 ming AQSH dollari sohibi bo‘lishadi.

Kecha kun davomida xalqaro turnirning rapid yo‘nalishidagi dastlabki partiyalar o‘tkazilib, hamyurtimiz Abdusattorov 1-partiyada Levan Aronyan bilan durang o‘ynagan bo‘lsa, 2-partiyada jahon chempioni Den Lijenni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. 3-partiyada Karuana bilan 0,5:0,5 va 4-partiyada Alireza Firuzjani dog‘da qoldirdi.

Bugun, 10 fevral kuni turnirning rapid yo‘nalishidagi qolgan o‘yinlar bo‘lib o‘tadi.

N.Abdusattorov 5-partiyada Vinsent Kaymar, 6-partiyada Gukesh va 7-partiyada Magnus Karlsen bilan kuch sinashadi.

«Freestyle Chess G.O.A.T Challenge» xalqaro turniri dasturiga binoan 11 fevraldan klassik shaxmat musobaqalariga start beriladi. Musobaqalar 16 fevralga qadar davom etadi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA