Xalqaro shaxmat federatsiyasi joriy yil 28-mart-16-aprel kunlari Kiprda bo‘lib o‘tadigan “Nomzodlar turniri”ning ilk juftliklari ro‘yxatini e’lon qilganidan so‘ng, taniqli grossmeysterlar mazkur turnirda 8 nafar ishtirokchidan kimning imkoniyati yuqoriligi to‘g‘risida o‘z fikr va munosabatlarini bildira boshladi.

Biz uchun e’tiborli jihati, birinchi raqamli shaxmatchimiz Nodirbek Abdusattorovning “Nomzodlar turniri” ishtirokchilari va undan kimning yetakchilikka munosibligi xususidagi munosabati bo‘ldi.

O‘zbekiston terma jamoasi yetakchisi Abdusattorov “FIDE Candidates 2026” haqida fikr bildirar ekan, u musobaqa favoriti sifatida amerikalik Fabiano Karuanani ko‘rsatdi.

Candidates-2026-Open-1

Jahon chempionligi matchi ehtimoli haqida gap ketganda ham Nodirbek Karuanaga ustunlik berdi.

Taxminan 60/40 Fabiano foydasiga. Amaldagi jahon chempioni hindistonlik Gukesh Dommarajuning ham u bilan yaxshi natijalari borligini ta’kidlab, lekin baribir Fabianoning imkoniyati balandroq ekanligini bildirib o‘tdi.

Nodirbekning taxminiga ko‘ra, “Nomzodlar turniri” Karuana uchun hal qiluvchi bosqich hisoblanadi.

– Bu juda katta to‘siq. Agar, u shu bosqichdan o‘ta olsa, ishonchi yanada oshadi va matchda juda jiddiy raqibga aylanadi, – dedi Nodirbek.

U shuningdek, “Nomzodlar turniri” ishtirokchisi hindistonlik Rameshbabu Pragnanandxa va hamyurtimiz, 2025-yilgi jahon kubogi g‘olibi Javohir Sindorov ham yaxshi imkoniyatga ega ekanligini aytib, ikkisidan faqat birini tanlash kerak bo‘lsa, ustunlik Javohir tomonda ekanligini argumentlar asosida keltirib o‘tdi.

Jurnalistlarning “Agar, Javohir “Nomzodlar turniri”ni yutib, sizdan Jahon chempionligi toji uchun kurashda yordam berishni so‘rasa, rozi bo‘larmidingiz, degan savoliga: “ha, albatta”, deb javob qaytardi.