Mahoratli shaxmatchimiz Nodirbek Abdusattorov “FIDE freestyle” bo‘yicha jahon chempionatining yagona yo‘llanmasi uchun chess.com platformasida o‘tkazilgan Play-In saralash turnirida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Mazkur saralash musobaqasining 104 nafar shaxmatchi ishtirokida o‘tkazilgan ilk bosqichida 9 imkoniyatdan 7 ochko jamg‘argan Abdusattorov 1-o‘rinni egallagandi.
Kecha hindistonlik Pranav, AQSHlik Grigoriy Oparin, eronlik Amin Tabatabai ishtirokida kechgan yakuniy bosqichda Nodirbek qur’a natijasiga ko‘ra, dastlab eronlik Tabatabai bilan ro‘baro‘ keldi.
Ikki partiyadan iborat qarama-qarshilikning birinchi o‘yinida durang qayd etilgan bo‘lsa, ikkinchi partiyada hamyurtimiz ustunlikka erishdi.
AQSH sharafini himoya qilgan Oparinni dog‘da qoldirgan Pranav bilan jahon chempionatining yagona yo‘llanmasi uchun o‘tgan uchrashuvda Nodirbek Abdusattorov raqibini 2:0 hisobida yengishga muvaffaq bo‘ldi va Germaniyaning Vayzenxaus shahrida o‘tadigan “FIDE freestyle” bo‘yicha jahon chempionati yo‘llanmasi sohibi bo‘ldi.
Endi Abdusattorov joriy yil 13-15 fevralda bo‘ladigan chempionatda Magnus Karlsen, Levon Aronyan, Fabiano Karuana, Vinsent Kaymer, Arjun Yerigaisi, Xans Nimann va Javohir Sindorov qatorida ushbu yo‘nalishda g‘oliblik uchun kurash olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, yangicha tizimda o‘tadigan “FIDE freestyle” jahon chempionatining umumiy mukofot jamg‘armasi 300 ming AQSH dollaridan iborat bo‘lib, chempionlikka erishgan ishtirokchi 100 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.




