Bugun, 8 oktyabr kuni mukofot jamg‘armasi 1 million AQSH dollaridan iborat “Global Chess League “Tech Mahindra” turnirining oltinchi kungi o‘yinlarida Nodirbek Abdusattorov dona surayotgan “PBG Alaskan Knights” jamoasi Vishvanatan Anand sardorligidagi “Ganges Grandmasters” jamoasi bilan kuch sinashadi.

Shuningdek, bugungi bahslarda “Alpine SG Pipers” –“upGrad Mumba Masters”, “Triveni Continental Kings” –“American Gambits” o‘rtasida kurashlar bo‘lib o‘tadi. Kecha o‘tgan musobaqalar “PBG Alaskan Knights” jamoasi uchun omadsiz kechdi.

08-10-24

Magnus Karlsen sardorligidagi “Alpine Sg Pipers” jamoasi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Magnus Karlsen – Anish Giri, Pragnanandxa Rameshbabu – Nodirbek Abdusattorov va Richard Rapport – Shaxriyor Mamedyarov o‘yinlarida durang qayd etilgan bo‘lsa, qolgan 2 ta shaxmat taxtasida “Alpine Sg Pipers” va 1 tasida “PBG Alaskan Knights” vakili yutuqqa erishdi. Bu esa "Global Chess League “Tech Mahindra”ning ikkinchi mavsumida ilk bor Abdusattorov jamoasining mag‘lubiyatga uchrashiga olib keldi.

Shunday bo‘lsada turnir jadvalini hali-hamon “PBG Alaskan Knights” jamoasi 15 ochko bilan boshqarib bormoqda. 2- va 3-o‘rinlarda borayotgan “Triveni Continental Kings” va “Alpine Sg Pipers” jamoalari 12 ochko jamg‘argan.

“Triveni Continental Kings” safida dona surayotgan iste’dodli shaxmatchimiz Javohir Sindorov jamoasi kecha “upGrad Mumba Masters” bilan kuch sinashdi. Sindorov ushbu qarama-qarshilikda raqibi bilan durangga erishdi. Sindorovning jamoasi “Triveni Continental Kings” bugun “American Gambits” bilan ro‘baro‘ kelmoqda.

Musobaqalar 12 oktyabrga qadar davom etadi.