
Chexiya poytaxti Pragada o‘tkazilayotgan “Prague International Chess Festival“ turnirining yakunlanishiga bir tur qolganda hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov g‘oliblikka erishdi.
Musobaqaning 8-turida turnirdagi asosiy taqibchisi eronlik Parham Magsudluni mag‘lub etgan Abdusattorov 6 ochkoga ega bo‘lgan holda “Masters” guruhida ishtirok etayotgan 8 nafar shaxmatchining birontasiga da'vogarlik imkoniyatini qoldirmadi.
Kechagi bahslarda David Navarra – Tai Dai Van Nguyen-0,5:0,5, Vidit Santosh Gudjrati – Richard Rapport-0,5:0,5, Dommaraju Gukesh – Vinsent Kaymer-1:0, Mateush Bartelь – Rameshbabu Praggnanandxaa-0,5:0,5 natijalari qayd etildi.
Praga musobaqasida qatnashayotgan shaxmatchilardan Tai Dai Van Nguyen, Parham Magsudlu va Rameshbabu Praggnanandxaa 4,5 ochko bilan 2 va 3-o‘rinlarni egallash uchun kurash olib boradi. Shuningdek, Abdusattorovdan keyingi pog‘onalardan joy olishga 4 ochkoli David Navarra, Richard Rapport hamda Dommaraju Gukesh ham yaqin kelib turibdi.
Bugun, 7 mart kuni “Prague International Chess Festival“ning 9 turida Praggnanandxaa-David Navarra, Vinsent Kaymer-Mateush Bartelь, Parham Magsudlu- Dommaraju Gukesh, Tai Dai Van Nguyen- Vidit Santosh Gudjrati uchrashuvlari keyingi o‘rinlar masalasiga oydinlik kiritadi.
Oltinchi bor o‘tayotgan mazkur turnirning g‘olibligini naqd qilgan Nodirbek Abdusattorov 9-turda qora donalarda Richard Rapport bilan kuch sinashadi. Mazkur o‘yin hamyurtimizning Praga musobaqasidagi natijasiga ta'sir ko‘rsatmasa-da, xalqaro reytingdagi o‘rni uchun muhim bahs hisoblanadi.
Aytish lozim, Abdusattorov poyoniga yetib borayotgan “Prague International Chess Festival“ musobaqasining oltinchi g‘olibi bo‘ldi.
Bundan tashqari, Praga turniridagi muvaffaqiyat iste'dodli shaxmatchimizni Xalqaro shaxmat federatsiyasidagi o‘rni yanada yaxshilanishiga, norasmiy shaxmat reytingida esa amaldagi jahon chempioni Din Lijenni ortda qoldirdi va 2765,5 reyting bilan 4-o‘ringa joylashdi.